Tibbiyot mutaxassislarining o‘quv-uslubiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi

0
1090

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida harbiy-tibbiy muassasa boshliqlarining tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosarlari, sanitariya-epidemiologiya xizmat mutaxassislari, harbiy-tibbiy komissiya raislari, dorixona boshliqlari va tibbiyot mutaxassislarining o‘quv-uslubiy yig‘ini o‘tkazildi. Jumladan, o‘quv keng doirada o‘tkazilib, yig‘inga videokonferensiya aloqa orqali joylardagi harbiy gospitallar mutaxassislari ham qamrab olindi.

O‘quv-uslubiy yig‘in kun tartibi bo‘yicha ikki qismdan iborat bo‘lib, dastlab mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkurafiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev va Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Bahodir Abdulahatov boshchiligida qo‘shinlar tibbiy ta’minotini tashkillashtirishda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchilik muhokama qilindi.

Yig‘in davomida ko‘p yillik tajribaga ega tibbiy xizmat mutaxassislari va tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etib, sohaga doir dolzarb mavzularda chiqishlar qildi.

Xususan, yig‘in ishtirokchilari harbiy-tibbiy ekspertiza faoliyati, terapevtik va jarrohlik yordamlari, shaxsiy tarkibning yuqumli kasalliklarga chalinishining tahlili, kasalliklarni oldini olish va davolashda yangicha yondashuvlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarning xaridi, harbiy-tibbiy mutaxasislarning tajribasini yanada oshirish, sanitar-gigiyenik va epidemiyaga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazish samaradorligi, bemorlarni zamonaviy yondashuvlar asosida davolash va ularni erta safga qaytishini ta’minlashga qaratilgan tanqidiy-tahliliy ma’ruzalarni diqqat bilan tinglab, faoliyati davomida e’tibor berishi zarur bo‘lgan jihatlarni o‘zlari uchun belgilab oldi.

Bundan tashqari, o‘quvda tibbiy-evakuatsiy, qo‘shinlarda davolash-profilaktika ishlarini olib borish, harbiy xizmatchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, harbiy qismlardagi tibbiyot punktlarining  hozirgi holati va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqiruv jarayonida harbiy-tibbiy komessiya ishini sifatli tashkil qilish kabi mavzular muhokama qilinib, soha mutaxassislariga kerakli tavsiyalar berib o‘tildi.

Keng doirada o‘tkazilgan o‘quv-uslubiy yig‘in yakunida rahbarlar tomonidan 2023—2024 o‘quv yilida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha soha vakillariga tegishli topshiriqlar yuklatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti