Termiz harbiy prokurori ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

0
809

Termiz shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida Termiz harbiy prokurori adliya polkovnigi Dilmurod Hamroyev hamda okrug mas’ul ofitserlari ishtirokida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Mazkur sayyor qabul jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, yoshlar, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolarini huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etildi.

Yuzma-yuz muloqotda Dilmurod Hamroyev fuqarolar murojaatlarini birma-bir tinglab, ular qo‘ygan masalalarning tegishliligi bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Xususan, mas’ullar tomonidan qabul jarayonida jami 37 ta murojaat tinglangan boʻlsa, ularning 15 tasi joyida hal etildi, 17 tasi nazoratga olingan holda tegishli tashkilotga yoʻnaltirildi, 5 nafar murojaatchiga o‘z masalalari bo‘yicha huquqiy tushuntirish va unga yechim bo‘ladigan yo‘nalishlar ko‘rsatildi.

Hududlarda o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash va tezkor choralar ko‘rish, ularni bevosita joyida bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir davomida yoshlar harbiy qism muzeyi va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlari bilan tanishtirib o‘tildi. Bu ularda vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti