Mudofaa vazirligining eng ilg‘or hamshiralari Nukusda final bahslarida bellashdi

0
684

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Men g‘olib!” shiori ostida an’anaviy o‘tkazilayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovi yuzlab harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari toifasidan barcha sohalar bo‘yicha eng ilg‘orlarni aniqlash hamda ularni rag‘batlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

Ushbu ko‘rik-tanlovning “Eng ilg‘or hamshira” nominatsiyasi bo‘yicha final bellashuv bu yil, odatdagidek Toshkent shahrida emas, balki Nukus shahrida o‘tkazilishi barcha tanlov ishtirokchilari uchun kutilmagan voqeaga aylandi.

Mazkur ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan 6 nafar – Samarqand, Farg‘ona, Termiz, Qarshi va Nukus harbiy gospitallari hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali sharafini hal etuvchi final bahslarida munosib himoya qilish uchun kelgan ishtirokchilar Nukus temir yo‘l vokzalida harbiy orkestr sadolari ostida qoraqalpoqona lutf va milliy urf-odatlarga ko‘ra iliq kutib olindi.

Mamlakatimizning shimoli-g‘arbiy sarhadlariga kelishi munosabati bilan mehmonlar uchun “Sahrodagi Luvr” nomi bilan butun dunyoda nom qozongan va Qoraqalpog‘iston Respublikasining faxriga aylangan I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarix muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.

“Eng ilg‘or hamshira” ko‘rik-tanlovining final bellashuvlari Nukus garnizonidagi muhtasham Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar beshta shart bo‘yicha harbiy tibbiyot sohasining “oq xalatli malikasi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lish uchun o‘zaro bilim va tajribada kuch sinashdi.

Bellashuvni harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi va so‘nggi yillarda butun dunyo hamjamiyatini havotirga solgan pandemiya sharoitida tibbiyot sohasi hodimlarining jamiyatda o‘rni naqadar muhim ekanligini ta’qidladi. Barcha ishtirokchilarga tanlovda muvaffaqiyatlar tiladi.

“Salomlashish” deb nomlangan birinchi shartda ishtirokchilar o‘zlari tug‘ilib o‘sgan go‘shasi, oilasi hamda harbiy tibbiy muassasadagi faoliyati haqida videoroliklar hamda jonli so‘zlar orqali ifoda etishdi. Bu shartda Nukus harbiy gospitali vakili Baxtigul Begimova osmondon tushayotgan “oq xalatli farishta-hamshira” obrazida hammani lol qoldirdi.

Qisqa vaqt oralig‘ida mutaxassislik bo‘yicha 20 ta test savollariga javob berish kerak bo‘lgan ikkinchi shartda ishtirokchilar nazariy bilimlari sinovdan o‘tdi.

Tibbiyot sohasida nazariy bilimlarning amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unligini namoyon etuvchi uchinchi shartda mohir hamshiralar shartli bemorga muolaja ko‘rsatish orqali olingan vazifalarni bajarishdi. Ta’kidlash joizki, mazkur shart ishtirokchilar uchun eng murakkab sinov deb baholanadi.

Shartli yarador va jarohatlangan insonga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishda ham ishtirokchilar aniq, dadil harakatlari yuqori baholandi.

“Uyga vazifa” deb atalgan yakuniy shartda tanlovning dastlabki, saralash bosqichlarida ilg‘orlikni qo‘lga kiritgan hamshiralar ijodiy, badiiy chiqishlari orqali san’atga, adabiyotga, ma’rifatga, milliy urf-odat va an’analarga mehr qo‘yganliklarini isbotladi. Bu shartda ham To‘maris obrazini gavdalantirgan nukuslik hamshira yig‘ilganlarning qalbidan chuqur joy olib, barchada milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi.

Tanlovning barcha shartlarini Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi, vazirlik bosh sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari hamda boshqa mas’ullardan tashkil topgan hay’at a’zolari adolatli baholab bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng ilg‘or hamshira” ko‘rik-tanlovida 24,71 ball bilan g‘oliblikni Nukus harbiy gospitali hamshirasi Baxtigul Begimova egalladi. Shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olish uchun tanlov ishtirokchilaridan ikki nafarining to‘plagan 22,86 ballari bir xil bo‘lib chiqdi. Ushbu holatda bellashuvning amaliy shartlarida yuqori natija ko‘rsatgan Samarqand harbiy gospitali vakili Sarvinoz Boborahimovaning natijalari yuqori baholanib, tanlovda ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Faxrli 3-o‘rinni Qarshi harbiy gospitali hamshirasi Charos Yuldasheva egalladi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijodiy jamoalari hamda san’atkorlari, shuningdek Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar, milliy va badiiy raqs namoyishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashib, dillarni xushnud etdi.

Mayor Timur Narziyev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i.