Qarshi va Sariosiyo ahliga xizmat ko‘rsatayotgan harbiy dala oshxonalari

0
1045

Respublikamiz boʻylab hukmronlik qilayotgan sovuq havo harorati sabab joylarda harbiy xizmatchilar tomonidan dala oshxonalari yoyilib, xalqimizga issiq taomlar va ichimliklar begʻaraz ulashilmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan ham tashkil etilayotgan mazkur ezgu ishlarning navbatdagi manzili Qarshi shahrining “Gulshan” mahalla fuqorolar yigʻini boʻldi. Erta tongdan mahalla hududida ish boshlagan yurt himoyachilari tez fursatda ikkita chodir tiklab, 120 oʻrinli joy hozirlashdi.

Ikkita qozonda 100 kilogram osh damlanib, kam taʻminlangan va ehtiyojmand oilalarga tarqatildi. Issiqqina chodirlarga taklif etilgan mahalla ahlining quvonchi sabab nuroniylar qoʻllarini duoga ochdilar.

Shu bilan birga, maskanda Qarshi harbiy gospitali shifokorlari tomonidan mahalla ahliga tibbiy xizmat koʻrsatish ham tashkillashtirilgan. Tayyor taomlardan dala oshxonasiga yetib kela olmagan nogironligi bor oilalar va yoʻllani qor va muzdan tozalab berayotgan zahmatkash xizmatchilarga ham ulashildi.

Shuningdek, Sariosiyo garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari Sariosiyo tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bemorlarga va “Afrosiyob” mahallasida istiqomat qilayotgan aholiga beminnat yordam ulashdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy dala oshxonalari yoyilib, ularga issiq ovqat, kofe hamda shirinliklar tarqatdi. Bundan tashqari, aholining madaniy hordiq chiqarishlari uchun dala oshxonalari yetarlicha jihozlandi.