Nukusda yoyilgan harbiy dala oshxonalari aholiga xizmat qilmoqda

695

Anomal sovuqda yurtdoshlarimizning holidan xabar olish, sovuq kunlarda koʻchada va boshqa joylarda mehnat qilayotganlarga biroz boʻlsa-da, issiqlik taftini ulashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlganlarga yordam qoʻlini choʻzish maqsadida davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan hududlarda harbiy dala oshxonalari yoyilib, aholiga xizmat qilishni boshladi.

Jumladan, Nukus shahridagi “Koʻskoʻl-1,3,4”, 21-kichik daha, “Chimboy guzari”, “Aydin jol”, “Anasoy”, “Qizilqum” va “Jeke terek” mahallalari, shuningdek, “Jayhun-uchquduq” koʻchasida yoyilgan 10 ta harbiy dala oshxonasida kuniga 100 kilogacha palov damlanib, issiq choy va shirinliklar ulashilmoqda.

Oʻzbek va qoraqalpoq xalqiga xos boʻlgan ogʻizbirchilik, bagʻrikenglik, saxovatpeshalik kabi oliyjanob hislatlar, albatta, xalq boshiga ogʻir kunlar kelganda, yurtdoshlarimiz ahvoli ogʻirlashganda yanayam koʻproq bilinadi. Shu bois, mentalitetimizga xos boʻlgan bu insoniy fazilatlar asrlar davomida saqlanib, ulugʻ qadriyatlar sifatida alohida qadrlanadi.

Vatandoshlarimizning vujudini sovuq kunlarda iliqlik bilan toʻldirishni maqsad qilgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari birdamlikda 10 ta harbiy dala oshxona punktlarini yoyib, ovqat yeyish va isinish uchun chodirlar, choy qaynatishga moʻljallangan dala oshxonasi hamda qozon-oʻchoqlarni qisqa vaqtda oʻrnatib, tushlikka milliy taomimiz boʻlmish palov tayyorlashdi. 

Nukus shahar hokimligi tomonidan taqdim etilgan masalliqlardan 10 ta qozonda tayyorlangan taomlar mahalla turgʻunlari, obodonlashtirish hamda boshqa tashkilot ishchilari, shuningdek, ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan yurtdoshlarimizga tortiq etildi.

Bunday eʼtibor va gʻamhoʻrlikdan ruhlangan vatandoshlarimizning kayfiyati koʻtarilgani “Xalq va armiya, bir tanu bir jon” degan ezgu gʻoyaning amaliy ifodasini yana bir bor namoyon etdi.

Qishning sovuq kunlarida yurtdoshlarimizga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida tashkil etilgan ana shunday xayriya tadbirlari davom etadi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati