“Amir Temur jangovar bayrogʻi” Jizzaxda tantanali kutib olindi

0
1656

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi bilan tasis etilgan “Amir Temur jangovar bayrogʻi” Markaziy harbiy okrugiga topshirilgan edi. Kuni kecha ushbu jangovar bayroq Markaziy harbiy okrug hududining boshlanishi boʻlgan Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanida okrug qoʻmondonligi, viloyat va tuman sektor rahbarlari hamda yoshlar ishtirokida tantanali kutib olindi.

“Amir Temur jangovar bayrogʻi” mukofoti nafaqat Markaziy harbiy okrug, balki Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari harbiy maʻmuriy sektorlarining yuksak yutugʻi boʻldi. Oʻtgan vaqt davomida harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarining jangovar va intellektual salohiyati yuksaltirildi. Ular va oila aʻzolariga munosib sharoit yaratildi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy armiyamizga qiziqishini oshirishida muhim qadamlar tashlandi.

Davlatimiz rahbari ham aynan ushbu bayroqni topshirish jarayonida ham har bir oʻgʻil-qiz uchun gʻurur va iftixor bagʻishlashini ta’kidlab, buyuk ajdodlarimiz kabi mard va jasur boʻlishga undashini aytib oʻtgan edi. Jizzax viloyatiga kirib kelgan jangovar bayroq Doʻstlik, Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahar aholi va yoshlariga namoyish etildi.

Tadbirda soʻz olganlar jangovar bayroqning qudrati, ahamiyati va uning zamirida yotgan mehnatning samarasi yod etilib, yoshlarni shu yurtning tinchligi va ravnaqi yoʻlida doimo dalhdor boʻlishlariga undashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati