Samarqandda “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovining okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi

315

Markaziy harbiy okrug madaniyat va ma’rifat markazida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda okrug tasarrufidagi Kattaqo‘rg‘on garnizonidan “Turon”, Samarqand garnizonidan “Qora qoplonlar” hamda Jizzax garnizonidan “Temuriylar” jamoasi ishtirok etishdi.

“Tanishing, bizning jamoa”, “Pandemiya davrida onlayn harbiy xizmat” hamda “Harbiy qismdagi mehmon” shartlari bo‘yicha harbiy xizmatchilarning badiiy-havaskorlik layoqati, aktyorlik, dublyajda ovoz berish, belgilangan vaqt me’yorlariga qay darajada amal qilgani hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Jamoalarning chiqishlari murosasiz tus olgani ularning ushbu hazil-mutoyiba ko‘rigiga puxta hozirlik ko‘rganidan dalolat berdi. Hakamlar hay’atining yakuniy natijalariga ko‘ra, Jizzax garnizonining “Temuriylar” jamoasi 3-o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on garnizonining “Turon” jamoasi 2-o‘rinni egalladi. Samarqand garnizonining “Qora qoplonlar” jamoasi 1-o‘rinni naqd qildi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlarga okrug qo‘mondonligining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari ulashildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati