Harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlar

0
896

So‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz, xususan, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qisimlarning moddiy-texnik bazasini yangilashga katta eʻtibor qaratildi. Harbiy-maʻmuriy sektorlar bilan hamkorlikda harbiy shaharchalarning infratuzilmasini yanada takomillashtirish, zamonaviy koʻrinishga keltirish boʻyicha qator loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etilmoqda.

Shu kabi tashabbuslar doirasida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlaridagi Fargʻona desantchilar harbiy qismida harbiy xizmatchilarga zamonaviy oʻquv binosi hamda Artilleriyachilar harbiy qism oshxonasi zamonaviy koʻrinishga keltirilib, foydalanishga topshirildi.

Oʻquv binosida harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq oʻquv xonalari soʻnggi rusumdagi kompyuterlar hamda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu esa harbiy xizmatchilarning bilim va koʻnikamalarini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Mazkur binolarning tantanali ochilish marosimida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfilla Buzrukov, okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Shuhrat Abdullayev, harbiy xizmatchilar, yoshlar, faxriylar, Yoshlar ittifoqining Fargʻona viloyat kengashi, jamoatchilik kengashi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini taʻkidlab oʻtdilar. Ramziy tasmalar kesilgandan soʻng tadbir ishtirokchilari zamon talablariga toʻla javob beradigan oʻquv xonalari va zamonaviy oshxonani koʻzdan kechirdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati