Boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi

0
715

Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida joylashgan umumtaʻlim maktablari hamda oʻrta maxsus taʻlim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari uchun “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusida bir kunlik oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi.

Yigʻinda Jizzax viloyatidan 550 ga yaqin fan oʻqituvchisi Jizzax garnizonidagi harbiy qismda, Navoiy viloyatida 350 nafardan ziyod fan oʻqituvchisi garnizondagi harbiy qismda, Samarqand viloyatidagi 1250 nafarga yaqin oʻqituvchi 3 ta oʻquv nuqtasi, yaʻni Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayarlash markazida, Samarqand garnizonidagi va Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiy qismlar tashkil etilgan yigʻinda ishtirok etishdi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi rahbarligida oʻtkazilgan ushbu yigʻinlar dastlab tanqidiy ruhda oʻtkazilib, unda oʻquvchilar boshlangʻich tayyorgarlik fanini chuqur oʻzlashtirish borasida yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklar mudofaa ishlar boshqarma va boʻlimlari oʻrtasida tahlil etildi.

Mudofaa vazirligi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatiga aʻzo boʻlgan oʻsmirlarni vaʻda bergani, uning ortidan otryad aʻzosi zimmasiga yuklatiladigan masʻuliyat va javobgarlik, ona Vatanga sadoqat, fidoyilik borasida tushunchalarni chuqurroq anglatish lozimligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, oʻquvchi yoshlarni oliy harbiy taʻlim muassasalariga jalb etish va har bir taʻlim muassasasida yaratilgan sharoitlar, taʻlim jarayonlari hamda oʻqishga kirish tartibi haqida yoshlarga keng targʻib etish boʻyicha maʻlumotlar berildi.

Yigʻin yakunida ishtirokchilarning bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi oʻtkazilib, ularning jangovar qobiliyati va xususiyatlari boʻyicha batafsil maʻlumotlar berib oʻtildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati