Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Jizzax harbiy prokuraturasi hamkorligida Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun hududdagi harbiy qismlardan biriga sayohat tashkil qilindi.
Unda yoshlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Tarbiyalanuvchilar o‘quv binosi, kutubxona, yotoqxona, oshxona, sport zali, tibbiyot punkti hamda madaniyat markazlarida bo‘lib, milliy armiyamizning bugungi qudrati va salohiyati borasida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lishdi.
Ayniqsa sohibqiron Amir Temur va sarkarda Jaloliddin Manguberdi o‘quv sinflari hamda panoramali o‘q otish majmuasida o‘tkan lahzalar ularning xotirasida bir umrga muhrlandi.
Jizzax garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiy orkestr jamoasi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturlari esa ko‘ngli o‘ksik, murg‘ak qalb egalarini kuy-qo‘shiqlarni birgalikda ijro etish bilan birga go‘zal raqslarga chorladi.
Mazmunli va unitilmas onlarga boy tarzda o‘tkan sayohat yakunida jajji mehmonlar uchun harbiy qism oshxonasida harbiycha taom tortiq etildi va tashkilotchilar va yoshlar dildan suhbat qurishdi. Yoshlar kelgusida harbiy bo‘lish istaklari uyg‘onganini bildirishdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati