Fargʻonada “Askar onalarini sharaflaymiz!” bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

0
624

Sharqiy harbiy okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni oldidan “Askar onalarini sharaflaymiz!” bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, respublikamizning turli nuqtalarida oʻz yigitlik burchini ado etayotgan Farg‘onadan muddatli harbiy xizmatga yuborilgan oʻgʻlonlarning onalari ishtirok etdi.

Soʻz olganlar yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi tantanalari bilan yigʻilganlarni tabrikladilar. Tadbirda yurtimizning turli hududlarida xizmat burchini bajarayotgan fargʻonalik yurt posbonlari ishtirokida tayyorlangan videoroliklar yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilindi.

Bayram munosabati bilan askarlar onalariga esdalik sovgʻalari topshirildi. Sharqiy harbiy okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr jamoasi hamda sanʼatkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati