Qashqadaryoda keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

0
759

Mamlakatimizda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat markaziy hududlarda, balki yurtimizning olis qishloqlarida ham ertamiz egalari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik festivallari, turli sport o‘yinlari va bir-biridan quvnoq musobaqalar, uch avlod uchrashuvlari, ochiq eshiklar kuni, soha vakillari bilan davra suhbatlari, badiiy va musiqiy kechalar tashkil qilinmoqda.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan Ommag‘on qishlogְ‘idagi 50-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri ham ana shunday sa’y-harakatlar sirasiga kiradi. Tadbirda Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi mas’ul ofitserlari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari, faxriylar, aviatsiya bilim yurti kursantlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida o‘quvchilarga “Temurbeklar” maktablari va oliy harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirish tartiblari tushuntirilib, bu borada yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, amaldagi imtiyozlar haqida qimmatli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ertamiz egalari bugungi kunda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar bilan atroflicha tanishtirildi.

Xuddi shunday tadbir Qarshi shahrida joylashgan 14-umumta’lim maktabida ham tashkil etildi. Tadbirda harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlarning samimiy muloqotiga alohida e’tibor qaratildi.  

 Kun davomida tadbir ejasiga asosan yurt himoyachilari tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari va boshqa maxsus dasturlar namoyish qilindi. Bunga javoban maktab o‘quvchilari tomonidan ham badiiy chiqishlar va turli sahna ko‘rinishlari tashkil etildi. Tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga esa kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

Shuningdek, Shahrisabz shahridagi “Tamurbeklar” maktabida ham targ‘ibot tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Yurt himoyachisi bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lajak harbiy xizmatchilar uchun mazkur uchrashuv sermazmun fikrlarga boy tarzda o‘tdi.

Qashqadaryo viloyatida yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati