Prezident maktabida uchrashuv

0
631

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Nukus shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Tariximdan faxrlanaman – kelajagimga ishonaman” mavzusida o‘tgan “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvida yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida batafsil ma’lumot olishdi.

Tadbir davomida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Qurolli Kuchlarimiz tashkil topishining huquqiy asoslari, armiyani shakllantirishda bosib o‘tilgan murakkab yo‘l, Qurolli Kuchlar tuzilishi va tarkibi haqida batafsil so‘zlab berdi.

Qo‘mondon o‘z nutqida so‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik va uni samarali tashkil etishga qaratilib, o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar murakkablashtirilayotgani, topshiriqlarni tungi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini e’tirof etdi. Xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar mutaxassislari bilan tajribalar almashilayotgani, rivojlangan mamlakatlar mudofaa akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan aloqalar mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.

Bugungi kun harbiy xizmatchisi nafaqat jismonan baquvvat, balki aqlan va ruhan yetuk bo‘lishi, xorijiy tillarni mukammal o‘rganishi, eng asosiysi Vataniga, xalqiga, prezidentiga sadoqatli bo‘lishi kerak ekanligi o‘quvchilarga uqtirildi.

Uchrashuvda yoshlar Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘zaro tajriba almashish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida  jangovar tayyorgarlikning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha  o‘tkazilayotgan musobaqalar haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Farhodjon Shermatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda barpo etilgan mana shunday muhtasham maktablar o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining hech kimdan kam bo‘lmasdan, jahon standartlarining eng yuqori darajasida sifatli ta’lim olishi, izlanishi, bir so‘z bilan aytganda komil inson bo‘lib, kelgusida yurt ravnaqi va kelajagiga o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan inson bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratgan sharoitlarni e’tirof etdi.

Ayniqsa, yurtimiz sharafini jahon arenalarida, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan nufuzli musobaqa va tanlovlarda munosib himoya qilib kelayotgan harbiy xizmatchilarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirdi.

Ma’ruzada harbiy xizmatchilarning ma’naviyatini yuksaltirish, ular uchun madaniy hordiq ishlarini sifatli tashkil etish, mamlakat yoshlari o‘rtasida vatanparvarlik, sadoqat va jasoratni tarannum etguvchi tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlariga alohida urg‘u berildi.

Shundan so‘ng qo‘mondon yoshlarning harbiylikka doir qiziqtirgan savollariga javob berdi. Shartnoma asosida harbiy xizmatga kirish, harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirish tartibi, armiyada yoshlar uchun qanday imkoniyatlar berilishi va shu kabi sohaga oid qiziqtirgan savollarga yoshlar batafsil javob olishdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda faxriy qorovul vzvodining qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda katta taassurotlar qoldirgan bo‘lsa, o‘qotar qurol namunalarining ko‘rgazmasi harbiylikka havas uyg‘otdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati