Navoiyda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga bag‘ishlab muzey tashkil etildi

0
643

1941 – 1945-yillar… Ushbu yillarni eslashimiz bilanoq qulog‘imizda tarix zarvaraqlariga bitilgan eng mash’um kunlar faryodi aks-sado beradi. Butun insoniyatni dahshatga solgan Ikkinchi jahon urushi o‘sha paytlarda barcha xalqlar tinch-totuvligi, osoyishtaligini buzganligi hech birimizga sir emas. Bu dahshatli urush tufayli jonkuyar, jafokash o‘zbek xalqi ham ko‘plab yo‘qotishlar, ayriliqlar azobini tortganlardan edi. Shu bilan birga, fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga ham eng katta hissa qo‘shganlardan bo‘ldi.

Bugun esa el-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyat sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk tariximizni unutmaslik va uni asrab-avaylash maqsadida yurtimizda keng islohotlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 26-oktyabr kuni Navoiy viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi boshlig‘i podpolkovnik Shaxzod Jabborov tashabbusi bilan mazkur markazda tashkil etilgan muzey ham shular jumlasidandir. Ikkinchi jahon urushiga doir eksponatlar hamda unda qatnashgan o‘zbek qahramonlari siymosi tushirilgan stendlar o‘rnatilgan ushbu muzeyning tashkillashtirilishidan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston xalqining jang maydonlaridagi, urush ortidagi qahramonligi va fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish hamda abadiylashtirishdir.

Bundan tashqari, yoshlarimizni buyuk ota-bobolarimizga munosib avlod, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yanada mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli, doimo ogoh va hushyor insonlar bo‘lib ulg‘ayishida ham ushbu muzeyning o‘rni katta bo‘ladi.

Sarvinoz QURBONOVA, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Harbiy jurnalistika yo‘nalishi 2-bosqich talabasi