Jizzax garnizonida harbiylarga psixologik trening o‘tkazildi

0
767

“Ruhiy sog‘lomlashtirish kuni” doirasida Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismda harbiylar uchun psixologik trening mashg‘uloti tashkillashtirildi. Harbiylardagi ruhiy toliqishni kamaytirish va uni muvaffaqiyatli bartaraf etish maqsadida psixolog Lola Esonova kerakli maslahatlarni berdi.

Harbiylik murakkab faoliyat turlaridan biri. Bu sohada xizmat qilayotgan shaxs har lahzada favqulodda vaziyatlarga tayyor turishi, hamisha hushyor bo‘lishi lozim.

Harbiy texnika hamda qurollar bilan birga harakatlanishda harbiy xizmatchilar o‘zining nimaga qodirligini, qanchalar sergakligini ko‘rsatadi. Ularning ruhiy ekstremal holati aynan shu jarayonda namoyon bo‘ladi.

– Harbiy xizmat davrida bir muhitdan boshqasiga moslashish (adaptatsiya), jangovar vazifalarni bajarishga ta’sir etuvchi ekzo va endo (ichki va tashqi) omillar bevosita shaxsning ruhiy olamiga o‘z bosimini o‘tkazadi, — deydi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha mas’ul ofitser, mayor Rustam Rustamov. – Natijada harbiy xizmatchining funksional holati o‘zgaradi. Bu xizmatga bolgan munosabat, kasbiy majburiyat, ishchanlik qobiliyati, intellektual salohiyat, muloqot va xulq-atvorda namoyon bo‘ladi. Bunday vaziyatda ularga psixologlarning maslahati juda zarur.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati