Samarali mehnatning mukofoti

0
788

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8-noyabrdagi farmoniga asosan Konstitutsiya qabul qilinganligining oʻttiz yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni taʼsis etildi.

Ushbu nishon bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash kabi sharafli vazifalarni amalga oshirib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar mukofatlanishi mumkin.

Oʻzbekiston milliy matbuot markazida Konstitutsiyamiz qabul qilinganligiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlariga “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Eʼtiboroli jihati ushbu marosimda Mudofaa vazirligi markaziy matbuot nashri “Vatanparvar” gazetasining jonkuyar, fidoyi ikki nafar xodimi — jurnalist va shoira, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Zulfiya Yunusova hamda tahririyat bosh mutaxassisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Zebo Sariyeva ham eʼtirof etildi.

Aziz hamkasblar! Sizlarni ushbu yuksak eʼtirof bilan chin dildan qutlaymiz. Yutuqlaringiz bardavom boʻlsin!

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti