Farg‘ona davlat universitetida 9-dekabr — “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Unda Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashi, Sharqiy harbiy okrug, viloyat Adliya boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi department, Farg‘ona harbiy prokuraturasi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 6-noyabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisida “Korrupsiya illatiga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etish lozim, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat huquqiy ta’sir choralari bilan kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega” deb, mamlakatda qonuniylikni ta’minlash borasida aniq maqsadlarni belgilab bergandi.
Ma’lumki, korrupsiya davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf-xatar ko‘rinishidagi muammodir. Mudofaa vazirligi tizimida ham korrupsiya xavfining oldini olish bo‘yicha qator tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limining faoliyati vazirlik tizimida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishga qaratilgan.
Shuningdek, anjuman davomida “Yashil makon”, tasviriy san’at va adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti