Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ularning jismoniy tayyorgarlik darajasini va sport bo‘yicha mahoratlarini hamda jismoniy sifatlarini takomillashtirish, muntazam ravishda ommaviy sport tadbirlariga jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyati Karmana tumani joylashgan harbiy qismlarning birida barcha toifadagi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qamrab olgan holda harbiy-vatanparvarlik festivali” o‘tkazildi.
Festival doirasida “Mergan ayol”, “Eng pazanda harbiy oila”, “Sportchi harbiy oila”, “Shijoatli va jasur oila bekasi” kabi bellashuvlar va “Mustaqillik mening nazarimda” nomli rasmlar tanlovi o‘tkazildi.
Biz harbiy xizmatchilarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklardan juda ham mamnunmiz. Birgina shu yilning o‘zida harbiy qismimiz yangidan qurilib, zamonaviy targ‘ibot vositalari asosida jihozlanib, foydalanishga topshirildi. Bunga javoban, bizga ishonib topshirilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga va’da beramiz, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Farruhbek Sulaymonov.
Yakunda tanlov g‘oliblari va namunali harbiy oilalar komandirning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasining musiqiy va posbonlarning qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga bayramona kayfiyat ulashish bilan birga jamiyat ustuni bo‘lgan oila mustahkamligini ta’minlash hamda Yangi O‘zbekistonimizda erkin va farovon jamiyat qurishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti