Samarqandning olis qishlog‘ida harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
836

Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi “Jom” qishlogʻida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va qalbida milliy ruhni shakllantirish maqsadida harbiy vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Tadbirda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Qodir Tursunov, Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, tuman hokimi Sirojiddin Berdikulov, hududdagi aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Festival davomida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan namoyish etilgan buyuk ajdodlarimiz haqidagi sahna koʻrinishlari, jangovar texnika va qurol-aslahalar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlarining koʻrgazmasi, qoʻl jangi, faxriy qorovul qoʻshinlari chiqishlari ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi.

Festival doirasida maktab oʻquvchilari uchun Mudofaa vazirligining badiiy adabiyotlari toʻplami va esdalik sovgʻalari taqdim etilgani ertamiz egalariga quvonch ulashdi.

Umuman olganda, festivalda ishtirok etgan har bir yurtdoshimiz xalq va armiya yakdil ekanligiga yana bir bor amin boʻldi, ona Vatanni va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlarning qir-adirlar uzra yangragani esa jomliklar xotirasidan ancha vaqtga qadar o‘chmasligi shubhasiz.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati