Nukusda “Zakovat” bellashuvlari o‘tkazildi

0
725

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi hamkorligida Mudofaa vazirligi, DXX Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar vazirligi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Nukus shahridagi Prezident maktabi hamda 44-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchi-yoshlar tarkibidan iborat jami olti jamoa oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan oʻyin davomida ishtirokchilar qonunchilikda yangi qabul qilinayotgan qonun, farmon, qaror va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyati yuzasidan berilgan savollarga tez va to‘g‘ri javob berib, huquqiy bilimlarini namoyish etdi. Bosh qomusimiz – Konstitutsiyaning yaratilish tarixi, uning jamiyat va yurt taraqqiyotidagi oʻrni, mazmun-mohiyati yurt himoyachilari va yoshlar tomonidan batafsil talqin etildi. Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar ishtirokchilarga tanaffus vaqtida madaniy hordiq olishini taʼminlab turdi.

Kuchli raqobat bilimlar toʻqnashuvidagi har bir daqiqani oʻzgacha his-hayajonga toʻldirardi. “Zakovat” oʻyinida 15 ta savolning 13 tasiga toʻliq javob topgan “Temurbeklar” jamoasi 13 ball bilan mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrinni “Chegarachilar” va uchinchi oʻrinni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Adolat” jamoalari egalladi. Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilarning faxriy yorligʻi va kitoblar toʻplamlari bilan taqdirlandi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati