Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan vaqtinchilik ishsiz va band boʻlmagan fuqarolar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi professional taʼlim muassasalari huzurida 13 ta qurilish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi.
Tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyatlarning markazlar bogʻliq vazifalari va markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish Mudofaa vazirligiga yuklatilgan.
Markazlarda oʻqishga fuqarolar yillik rejaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq qabul qilinadi. Hozirgi vaqtda markazlarda oʻquv jarayonlari qurilish sohasining 17 ta kasb yoʻnalishlari (gʻisht teruvchi, elektrgazpayvantchi, duradgor, suvoqchi, boʻyoqchi-bezakchi, santexnik, elektromontojchi, stropalchi, qoplovchi-plitkachi va hokazo) boʻyicha olib borilmoqda.
Kuni kecha “Enter Enjineering PTE. LTD” qurilish kompaniyasi rahbariyati Toshkent viloyati Qurilish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash markaziga tashrif buyurib, markaz faoliyati va taʼlim jarayonlari bilan tanishdi.
Tashrif yakunida mazkur qurilish kompaniyasi va Mudofaa vazirligi qurilish sohasida mutaxassislarni tayyorlash boshqarmasi tomonidan kelgusida markaz bitiruvchilarini qurilish kompaniyasida ish bilan taʼminlash yuzasidan kelishib olindi va qoʻshma memorandum imzolandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti