Samarqandda Sayyor Sadinovning yana bir byusti oʻrnatildi

0
1421

Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi “Jom” qishlogʻida 2000-yillarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi terrorchilarga qarshi toʻqnashuvlarda Vatanimiz tinchligi taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib, mardlarcha halok boʻlgan Sayyor Sadinov xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning byusti oʻrnatildi.

Tadbirda mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Qodir Tursunov, Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, tuman hokimi Sirojiddin Berdiqulov, qahramonning yaqinlari hamda qishloq ahli ishtirok etishdi.

Unda soʻz olganlar Sayyor Sadinovning xizmati davomida erishgan yutuqlari, koʻrsatgan jasorati va uning fazilatlarini yodga olib, oʻrnatilgan byust navqiron avlod vakillari uchun Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlidagi mardlik namunasi boʻlib xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng, ishtirokchilar byust poyiga gulchambarlar qoʻyib, osoyishta hayot yoʻlida jonini tikkan oʻzbek oʻgʻloniga hurmat koʻrsatishdi.

Maʼlumot uchun, leytenant Sayyor Sadinov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun II darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati