Мudofaa vazirligi sportchilariga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

0
1923

Мudofaa vazirligida bir guruh sportchilarga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev xalqaro arenalarda mamlakatimiz bayrog‘ining baland ko‘tarilishi va davlat madhiyasi baralla yangrashida harbiy sportchilarning hissasi salmoqli ekanini ta’kidladi. Tadbirda qayd etilganidek, 2022-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi sportchilari jami 581 ta turli darajadagi medallarni qo‘lga kiritdi. Shundan xalqaro turnir va musobaqalarda 213 ta (84 ta oltin, 57 ta kumush, 72 ta bronza), respublika miqyosida esa 368 ta (180 ta oltin, 113 ta kumush, 75 ta bronza) medal jamg‘arildi.

Sport tarixida nomlari muhrlangan katta leytenant Davlat Bobonov va kichik serjant Diyora Keldiyorova o‘z vazn toifalarida jahon reytingining karvonboshiga aylandi. Boku shahrida o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” turnirida tarixda ilk bor o‘zbek dzyudochi qizi D.Keldiyorova jahon reytingi peshqadamiga aylanib, 1-o‘rinni egalladi. Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan D. Bobonov esa oltin medalini davlatimiz rahbari qo‘lidan qabul qilib oldi.

Tadbirda Mudofaa vazirligining o‘nga yaqin sportchilariga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi. E’tirborlisi, erishilgan yuqori natijalari uchun Davlat Bobonovga muddatidan oldin “katta leytenant” unvoni berildi.

Taqdirlanganlar harbiy sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun alohida e’tibor qaratilayotgani hamda qulay sharoit, zarur imkoniyatlar yaratilayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti