“Togʻ jangchisi” va “Otliq marafon”: gʻolib jamoalar nomi aniq

0
1510

Mudofaa vazirligi miqyosida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan armiya oʻyinlarining eng qizgʻin bahslaridan biri boʻlgan “Togʻ jangchisi” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi.

Xabaringiz bor, bu kabi bellashuvlarda jamoalar oʻz harbiy okruglari sharafini himoya qilib, maydonga tushishdi va kasbiy mahoratini sinovdan oʻtkazdi. Albatta, musobaqa shiddati ham shunga yarasha boʻldi. Axir kim ham oʻz harbiy okrugi, harbiy qismi va xizmatdoshlari safiga faxrli oʻrinu qator-qator sovrinlar bilan qaytishni xohlamaydi deysiz.

“Togʻ jangchisi” bellashuvlarini oʻtkazish uchun eng maqbul joy –“Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlari markazi tanlangani ham bejiz emas, albatta. Boisi bu yerdagi zamon talablariga toʻla mos keladigan shart-sharoit va qulayliklar ishtirokchilarning oʻz mahoratlarini bor boʻyi bilan koʻrsatishi uchun zamin imkon beradi.

Shunday qilib harbiy alpinistlardan iborat jamoalar dastlab sunʼiy qoyada harakatlanish boʻyicha sinovdan oʻtkazildi. Keyin esa guruh tarkibida otish, togʻ toʻsiqlari yoʻlagidan oʻtish, 15 km masofaga yugurish, guruh tarkibida 5 km masofaga yugurish, togʻ daryolaridan oʻtish va eng oxirida Chimyon choʻqqisini zabt etish shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Bir necha kun davom etgan jarayonlarni kuzata turib shunga amin boʻldikki, mamlakatimiz harbiy xizmatchilarining harbiy alpinizm boʻyicha mintaqa va dunyoda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, erishayotgan muvaffaqiyatlari zamirida mana shunday musobaqalarning oʻrni beqiyos. Chunki bu faqatgina jamoalarning birinchilik uchun bellashuvi emas, balki ishtirokchilar uchun tajriba almashish, yangi bilimlarni egallash fursati hamdir. Togʻ sir-sinoatini puxta egallagan malakali ofitserlar, uzoq yillik xizmat faoliyatiga ega tajribali serjantlar jamoa aʼzolariga oʻziga xos maktab vazifasini ham oʻtadi.

Barcha uchun qiziq boʻlgan yakuniy natija shunday: Toshkent harbiy okrugi jamoasi faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Boshqa yoʻnalishlarda boʻlgani kabi bu yigitlar ham kelgusida Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkaziladigan musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan asosiy nomzodlar sifatida koʻriladi.

Ta’kidlash kerakki, harbiy xizmatchilarning yil davomida orttirgan tajribasi, mutaxassislik boʻyiga egallagan bilimlari sinovdan oʻtmoqda. Bunda jamoalar birinchilik uchun bahsga kirishib, oʻz harbiy okruglari sharafini munosib himoya qilyapti.

Ana shunday musobaqalardan biri boʻlmish “Otliq marafon” bahslari “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlari markazida boʻlib oʻtdi. Harbiy chavandozlar minali maydondan oʻtish, ot egarlash, oriyentirlash va belgilangan nuqtada joylashish, yaradorni evakuatsiya qilish, oʻq-dorilarni tashish, toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, otish mashqi hamda ot ustida granata uloqtirish kabi shartlar boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Toshkent harbiy okrugining harbiy chavondozlari faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar berildi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti