Farg‘onada armiya o‘yinlari musobaqalari yakunlandi

0
1410

Sharqiy harbiy okrug Fargʻona dala oʻquv poligonida Mudofaa vaziriligi qoʻshinlarida “Men gʻolib” shiori ostida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan armiya oʻyinlarining “Desant vzvodi” va “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqalari yakuniga yetdi. Besh kun davom etgan qizgʻin va murosiz bahslarda harbiy xizmatchilarning amaliy bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtdi.

Bugun, 3-dekabr kuni Fargʻona poligonida mazkur musobaqaning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, musobaqa ishtirokchilari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqan qo‘mondon musobaqa davomida erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib, unda munosib qatnashganlarni e’tirof etdi. Shundan soʻng gʻoliblarni taqdirlash jarayonlari boshlandi.

Musobaqa natijalariga koʻra, “Desant vzvodi” boʻyicha birinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Sharqiy harbiy okrug jamoasiga nasib etdi. 

“Harbiy tibbiy estafeta” musobaqasida esa Sharqiy harbiy okrug va Toshkent harbiy okrugi jamoalari faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi oʻrin Markaziy harbiy okrug jamoasi,  uchinchi oʻrin bo‘lsa Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻmondonligi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Bundan tashqari, “Harbiy tibbiy estafeta” musobaqasida “Eng yaxshi feldsher ayol”, “Shifokor erkak”, “Ayol shifokor” kabi bir qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. Gʻoliblar diplom, kubok va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati