Chirchiqda “Sodiq doʻst” musobaqasi yakunlandi

0
1160

Mudofaa vazirligi miqyosida “Men gʻolib” shiori ostida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan armiya oʻyinlarining Chirchiq shahrida oʻtkazilgan navbatdagi bahslari oʻz nihoyasiga yetdi. 

Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida boʻlib oʻtgan “Sodiq doʻst” musobaqasi Toshkent harbiy okrugi jamoasi ustunligida yakunlandi. Murosasiz va shiddatli oʻtgan ushbu yoʻnalish jamoalar uchun beshta shartdan iborat boʻldi.

Shartlardan yuqori ball toʻplash uchun xizmat itlari bilan til topishishga harakat qilgan jamoa aʼzolari yuqori oʻrinlarni egallashga musharraf boʻlishdi. Ikkinchi oʻrinni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug erkaklar jamoasi egallagan boʻlsa, Markaziy harbiy okrugning ayollar jamoasi ham ikkinchi oʻringa loyiq topildi. Uchinchi oʻrinni esa Sharqiy harbiy okrug jamoasi yigitlari zabt etdi, Maxsus avariyalarni tiklash boshqarmasi jamoasining ham ayollar jamoasi uchinchi oʻringa loyiq ekanliklarini isbotladi.

“Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkaziladigan armiya oʻyinlari harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qoʻshinlarda oʻzaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sogʻlom raqobat hissi va barqaror maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda, ayniqsa, Xalqaro armiya oʻyinlarida milliy armiyamiz sharafini munosib himoya qiladigan harbiy xizmatchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti