Harbiy qismda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

0
957

Toshkent shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism madaniyat markazida “Yongʻin oʻchirgichlardan foydalanishni bilasizmi?” mavzusida qiziqarli, mazmunli hamda zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalangan holda koʻrgazmali mashgʻulot o‘tkazildi. Tadbirda ushbu harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar faol ishtirok etdi. 

Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida yongʻin xavfsizligini taʻminlash, yongʻin sodir boʻlganda shaxsiy tarkibni birlamchi yongʻinni oʻchirishning vositalaridan foydalanish tartibini oʻrgatish maqsadida haftaning har chorshanba kuni “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻinlar profilaktikasi kuni” etib belgilangan. Shuningdek, “Yongʻin xavfsizligi oyligi” doirasida yongʻinga qarshi targʻibot va tashviqot ishlari jadallik bilan tizimli ravishda olib borilmoqda.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar, Mudofaa vazirligi harbiy qismlarida foydalaniladigan asosiy rusumdagi yongʻin oʻchirgichlar turlari, ishlatish va saqlash tartibi toʻgʻrisida batafsil maʻlumotlar berdi.

Bunday koʻrgazmali mashgʻulotlarning oʻtkazilishi yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari toʻgʻrisida umumiy tushunchasi va bilimlarini oshirish hamda yongʻin xavfsizligini taʻminlash tizimiga befarq boʻlmaslik yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida yongʻin xavfsizligiga oid profilaktik videoroliklar harbiy xizmatchilarga namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti