Nukus garnizonida qoraqalpoq tiliga ehtirom koʻrsatildi

0
731

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligining 33 yilligiga bagʻishlangan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim!” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda filologiya fanlari doktori Qobil Mambetov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Jumaniyaz Oʻtaniyazov, Nukus harbiy prokuraturasi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, oʻquvchi-yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar, qoraqalpoq xalqini 1-dekabr – Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligining 33 yillik bayrami bilan samimiy qutlar ekan, qoraqalpoq tili tarixi, shakllanish bosqichlari, huquqiy asoslari xususida alohida toʻxtalib oʻtishdi.

Qoraqalpoq xalqining etnik shakllanishi miloddan avvalgi VII-IV asrlarda Amudaryo deltasi va Orol, Kaspiy boʻyi choʻllarida istiqomat qilgan sak-massaget hamda savromat-sarmat qabilalariga borib taqaladi.

Asrlar davomida shakllangan qoraqalpoq tili 5 bosqichli davrni bosib oʻtdi. Soʻnggi bosqichida qipchoqlar bilan bir qatorda mangʻit, qiyot, qoʻngʻirot, nayman, katagan kabi katta urugʻ birlashmalari tashkil etildi va XV-XVI asrlarda qoraqalpoq ulusi tuzildi. Oʻsha davrda Orol dengizi atrofida, Jayxun va Sayxun daryolari boʻyida qoraqalpoqlar xalq boʻlib shakllanib, oʻzining hududiga, tili va madaniyatiga ega boʻldi.

1989-yil 1-dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining Kostitutsiyalarida qoraqalpoq tili davlat tili etib belgilandi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan tadbirda qoraqalpoq tili, madaniyati va tarixiga yuksak ehtirom koʻrsatildi. Xususan, harbiy orkestr jamoasining kuy va qoʻshiqlari, Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Nukus shahridagi Prezident maktabi hamda 44-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilarining qoraqalpoq tiliga bagʻishlangan badiiy chiqishlari tadbirning joʻshqin kayfiyatda oʻtishini taʼminladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati