Harbiy aloqachilar bellashuvlarga kirishdi

0
1215

Mudofaa vazilrigi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazilayotgan armiya oʻyinlarining “Ishonchli qabul” yoʻnalishidagi bahslar davom etmoqda. Mazkur musobaqada ishtirok etayotgan jami 9 ta jamoadan iborat harbiy xizmatchilar dastlab jismoniy tayyorgarlik, jangovar shaylik hamda mutaxassislik yoʻnalishidan test sinovlari topshirdi.

Bellashuvlarning ikkinchi kuni ham qizgʻin tus olib, oʻz mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha bellashayotgan jamoalar musobaqa nizomida belgilangan shartlarni aʼlo darajada bajardi. Xususan, ular qoʻmondonlik shtab mashinasida yagona toʻsiqlar yoʻlagini bosib oʻtish, aloqa oʻrnatish kabi bir-biridan qiziqarli vazifalarni a’lo bahoga uddaladi. 

— “Ishonchli qabul” musobaqasi 3 bosqichda start oldi. “Eng ilgʻor radioaloqa ekipaji” , “Eng ilgʻor radiotelegrafist” va “Eng ilgʻor telekommunikatsiya mutaxassisi” shartlarida bellashilmoqda. Musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar Xalqaro armiya oʻyinlarida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga umid bildiraman, — deydi katta leytenant Azizbek Mingboyev.

Ta’kidlanishicha, mazkur musobaqalar uchun hozirlangan maydon Xalqaro armiya oʻyinlari talablari asosida jihozlangan. Oʻz oʻrnida hakamlar hayʼati har bir shart va jarayonlarni kuzatib bormoqda.

Shohsanam Nishonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti