SHARAFLI KASBNING MARDU MAYDONLARI

0
1372

Xalqaro arenalarni zabt etish uchun ichki sogʻlom raqobat mamlakat miqyosidagi musobaqalarning oʻrni muhim. Qurolli Kuchlar sohasida ham bunday musobaqalar talaygina. Ulardan biri “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovidir. Koʻrik-tanlovda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya qoʻshinlari safida xizmat qilayotgan ofitserlar va serjantlar “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” yoʻnalishlari boʻyicha bahslashadilar.

Markaziy harbiy okrugida joylashgan “Forish” togʻ poligoni. Milliy armiyamiz jangovar salohiyatini oshirishda koʻplab nomlarni kashf etib ulgurgan ushbu mardu-maydonlar maskani “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovining navbatdagi gʻolib va sovrindorlarini aniqlab berdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov barchaga omad tilab, musobaqa murosasiz kurashlarga boy boʻlishiga ishonch bildirdi. 

Ikkinchi marta tashkillashtirilgan koʻrik-tanlov davomida ishtirokchilar haqiqiy maʼnoda oʻz kasblarining ustalari ekanliklarini amalda namoyish etdi. “Forish” togʻ poligoni oʻquv bazasi va turli oʻquv nuqtalarida eʼtiborga molik qator natijalar qayd etildi. Barcha kuch tuzilmalari sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchilar oʻtgan yilgi natijalarni ortda qoldirish uchun murosasiz kurash olib borishdi. Chunki avvalgi natijalarni yangilash har bir ishtirokchiga sovrindorlar qatoridan oʻrin olish imkoniyatini berish bilan birga yangi rekordlar oʻrnatilishiga asos boʻlardi.

Taʼkidlanganidek, koʻrik-tanlov nizomida koʻzda tutilgan barcha nominatsiyalar boʻyicha shartlar hamma uchun bir xilligi bilan ahamiyatli. Har bir yoʻnalish sovrinli oʻrini uchun daʼvogarlar jangovar (Makarov toʻpponchachi va AK-74 avtomatidan otish), jismoniy (turnikda tortilish, 100, 3000 metrga yugurish, brusda qoʻlga tayanib gavdani koʻtarib turish, yagona toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish) va taktik (taktik harakatlarni xaritada chizish) tayyorgarlik hamda umumharbiy nizom, maʼnaviy-marifiy yoʻnalishdagi test savollarini yechish kabi shartlar boʻyicha bellashdi.

“Eng ilgʻor brigada komandiri”: Ushbu yoʻnalishda ilk marta oʻtkazilgan musobaqa rekordi 308 balldan iborat edi. Bu yil mazkur natija bir yoʻla olti nafar ishtirokchi tomonidan ortda qoldirildi. Eng qizigʻi, ularning barchasi Mudofaa vazirligi sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchilardir. Bu yoʻnalish ishtirokchilari shaxsiy tarkibni boshqarishdagi komandirlik qobiliyatini koʻrik-tanlov shartlari asosiga qurilganini yana bir marta amalda isbotlab berishdi.

“Eng ilgʻor batalyon komandiri”: Batalyon komandirlari oʻrtasidagi murosasiz bahslar natijasiga koʻra, birinchi va ikkinchi oʻrinlarga ikkitadan qatnashchi loyiq topildi. Jismoniy tayyorgarlik va test sinovlarida yuz foizlik natija koʻrsata olgan mayor Nabijon Siddiqov hamda mayor Bunyod Rizaqulov yakunda bir xil – 382 ball toʻplashga muvaffaq boʻldi. Sovrindorlar qatoridagi uch nafar batalyon komandiri ham gʻoliblar singari musobaqaning oʻtgan yilgi natijasi (354 ball)ni yangilab, bahslarning keskin kurashlarga boy boʻlishida oʻz hissalarini qoʻshdi.

«Eng ilgʻor vzvod komandiri»: Bir yoʻla sakkiz nafar qatnashchi tomonidan birinchi marta oʻtkazilgan musobaqada gʻoliblikni taʼminlagan 347 ballik koʻrsatkich ortda qoldirildi. Har bir kuch tuzilmasi sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchi tomonidan shartlarning shijoat bilan bajarilishi ana shunday yuqori natijalar qayd etilishini taʼminladi.

«Eng ilgʻor guruh komandiri»: Oʻz-oʻzidan maʼlumki guruh komandirlari milliy armiyamizdagi eng yosh kadrlar boʻgʻinini tashkil etadi. Oliy harbiy taʼlim dargohlaridan uchirma boʻlgan bu yosh kadrlar Qurolli Kuchlar safidagi xizmat faoliyatni mana shunday koʻrik-tanlovlar, musobaqalarda toblab borish kerakligini yaxshi anglashadi. “Oʻz kasbining ustasi” bahslarida Vatanga boʻlgan sadoqat yoshlik shijoatida aks etganiga guvoh boʻldik. Sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar birinchi marta oʻtkazilgan musobaqada gʻoliblikni taʼminlagan 359 ballik koʻrsatkichni ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi.

«Eng ilgʻor serjant»: Serjantlar haqida harbiy nizomlarda yozilmagan koʻplab taʼriflar mavjud. “Serjant askarning armiyadagi ota-onasi” – kichik komandirlar tarkibiga berilgan eng haqqoniy taʼriflardan biri. Milliy armiyamiz tarkibidagi kichik komandirlar guruhi har jabhada haqiqiy jangchilarga xos jihatlari balan ajralib turishadi. “Forish” togʻ poligonida ham serjantlarning ana shu jihatlarini koʻplab kuzatganmiz. “Dovyurak jangchi”, “Yoʻriqchi serjantlar yigʻini”, “Men gʻolib!” shiori ostida tashkillashtiriladigan musobaqalar… “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovi barcha kuch tuzilmalarida Vatan oldidagi sharafli burchini ado etayotgan yigitlar uchun oʻz bilim va koʻnikmalarini namoyon etishga imkoniyat yaratdi. Bu imkoniyatdan barcha birdek foydalanishga harakat qildi va natijada birinchi marta oʻtkazilgan musobaqada gʻoliblikni taʼminlagan natijalar zabt etildi.

Koʻrik-tanlov davomida qatnashchilarning rekordlar va natijalarni yangilashga boʻlgan urinishlariga, doʻstona va murosasiz bellashuvlariga guvoh boʻldik. Eng muhimi, 2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bu borada qabul qilingan qarorning qanchalik muhimligi amalda isbotlandi va isbotlanib kelinmoqda. Chunki qarorining asosiy tezisi – koʻrik-tanlov gʻoliblarini aniqlash barobarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun yuqori lavozimli kadrlar zaxirasini yaratishdan iborat. Bu holat koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga beriladigan imtiyozlarda ham oʻz aksini topadi.

Eʼtiborli jihati, bu yilgi “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovi shohsupasida bir yinalishdagi yagona oʻrindan tashqari barcha oʻrinlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga nasib etdi:

“Eng ilgʻor brigada komandiri”:

  • 1-oʻrin — podpolkovnik Farrux Rasulov;
  • 2-oʻrin — podpolkovnik Jamshid Bayzakov;
  • 3-oʻrin — podpolkovnik Dilmurod Achilov.

«Eng ilgʻor batalyon komandiri»:

  • 1-oʻrin — mayor Nabijon Siddiqov, mayor Bunyod Rizaqulov (Milliy gvardiya);
  • 2-oʻrin — podpolkovnik Azizjon Nazarov, podpolkovnik Sherzod Gafurov;
  • 3-oʻrin — mayor Farhod Roʻziqulov.

“Eng ilgʻor vzvod komandiri”:

  • 1-oʻrin — kapitan Akmaljon Poʻlatov;
  • 2-oʻrin — kapitan Abdurasul Oxundadayev;
  • 3-oʻrin — kapitan Quvondiq Xalmuradov.

“Eng ilgʻor guruh komandiri”:

  • 1-oʻrin — katta leytenant Nuriddin Rahmatov;
  • 2-oʻrin — kapitan Izzatullo Usmonov;
  • 3-oʻrin— katta leytenant Rustam Joʻrayev.

«Eng ilgʻor serjant»:

  • 1-oʻrin — III darajali serjant Elyor Salomov;
  • 2-oʻrin — kichik serjant Abdurasul Tuygʻunov;
  • 3-oʻrin — III darajali serjant Uchqun Akbutayev.

Eslatib oʻtamiz, koʻrik-tanlov gʻolib va sovrindorlari 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni tantanali tarzda taqdirlanadi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti