Gazdan zaharlanish va birinchi yordam koʻrsatish haqida nimalarni bilishimiz kerak?

0
1596

Qishning yog‘ingarchilik va sovuq kunlari boshlanishi bilan harorat keskin pasayib boradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz yashab turgan xonadonlarimizni isitish uchun turli choralar ko‘ra boshlaymiz. Elektr isitish asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki isitishning boshqa turli yo‘llaridan foydalanamiz.

Is gazi xonadonlarda, tashkilotlarda foydalaniladigan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gazdir. U  rangsiz, hidsiz va ta’msiz gaz bo‘ladi. Is gazidan zaharlanish darajasi gazning miqdoriga, kishilarning zaharlanish joyda qancha vaqt qolib ketganligiga va boshqa ko‘rsatkichlarga bog‘liq. Is gazining organizmga ta’siri natijasida qonda keskin o‘zgarish kuzatiladi, uning tarkibidagi gemoglobin bilan reaksiyaga kirishib karbonsigemoglobin moddasini hosil qilishi natijasida to‘qimalarga kislorodni yetib kelishi va qondagi zararli moddalarning ajralib chiqish jarayoni buziladi. Bu esa organizmda kislorod tanqisligini keltirib chiqaradi, salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zararli moddalarning hususiyatlarini bilish bugungi kunda xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Zaharlanish uning havodagi ta’sir muddatiga bog‘liq bo‘ladi va ular yengil, o‘rta va og‘ir darajada bo‘ladi. Bunday hollarda bosh qattiq og‘rib, qusish, hushdan ketish kuzatiladi hamda nafas olish sekinlashadi. Ba’zan o‘lim holatiga olib keladi.

Birinchi yordam ko‘rsatish uchun, avvalo, zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Jabrlangan insonning nafas olishida yoki nafas olishi to‘xtab qolganda unga sun’iy nafas oldirish lozim bo‘ladi. 

Tabiiy gaz va is gazi bilan zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar quyidagi holatlarda sodir bo‘lishi mumkin:

– tabiiy gazning to‘liq yonmaganidan hosil bo‘ladigan is gazining salbiy ta’siri;
– isitish tizimiga tabiiy gazni ulashda me’yoriy talablarga rioya etmaslik;
– foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik;
– isitish uchun mo‘ljallangan pechkalar hamda mo‘rilarning soz holatda emasligi, yaxshi tozalanmaganligi va boshqalardir.

Xonada tabiiy gaz yig‘ilib qolganida zudlik bilan quyidagilarni amalga oshirish zarur:

– oyna va derazalarni ochib, shamollatish;
– elektr jihozlarini yoqmaslik, yoqiq bo‘lsa, o‘chirmaslik;
– gaz jo‘mraklarini berkitish;
– berkitishning iloji bo‘lmasa yoki yorilgan, singan va teshilgan joylar aniqlansa, gaz ta’minoti avariya xizmatiga xabar berish kabilardir.

Tabiiy va is gazidan zaharlanish yuz bersa, zudlik bilan zaharlangan kishiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, 103, 104, 1050 telefon raqamlari orqali murojaat qilishni yodda tuting.

Barchangizni gazdan zaharlanish va chaqnash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yuzaga kelish omillarini bartaraf etish tadbirlarida ogohlik va faollikka chaqiramiz.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy
ishlar bosh boshqarmasi