Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandasi ko‘rik-tanlov g‘olibi bo‘ldi

0
937

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari markaziy ashula va raqs ansambli aʻzosi Akbar Fayziyev “Ofarin” anʻanaviy Estrada xonandalari respublika koʻrik-tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston ijodkor yoshlarini jahon estrada musiqa sanʼatining anʼanaviy qadriyatlariga jalb etish, xalqaro darajada bellasha oladigan iqtidorli xonandalarni aniqlash maqsadida oʻtkazildi.

Koʻrik tanlovida quyidagi xonandalar ishtirok etdi:

  • estrada vokalida malaka orttirgan, professional mahoratga ega ayol va erkak xonandalari;
  • teatr sanʼati sohasida, konsert tashkilotlari va boshqa madaniyat muassasalarida faoliyat yuritayotgan ashulachilar;
  • musiqiy yoʻnalishlarda tahsil olayotgan talabalar;
  • 20 dan 45 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari.

Tanlov dasturiga koʻra, ishtirokchi xorijiy xit – butunjahon estrada sahnasining yulduzlari repertuariga oid boʻlgan mashhur qoʻshiqlar hamda oʻzbek tilidagi qoʻshiq – estrada musiqasining klassik va zamonaviy bastakorlarining asarlari yoki oʻzbek estradasining taniqli vakillari repertuarlaridan namunalar kuyladi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandasi Akbar Fayziyev birinchilikni qoʻlga kiritib, taqdirlandi.