Termizda harbiy chavandozlar bellashuvi oʻtkazildi

0
1094

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar va huquqni himoya qilish organlari xodimlari oʻrtasida “Ot ustida estafeta” boʻlib oʻtdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev, Denov tuman hokimi Abdumalik Allamurodov, Termiz harbiy prokuratrusi, davlat va jamoat tashkilotlari, faxriylar va yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdilar.

Tashkilotchilar musobaqa oʻtkaziladigan joyni Surxon etno madaniyatini aks ettiruvchi jihozlar bilan bezatib, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari tomonidan oʻtovlar tikildi. Ularning qoʻl mehnati namunalari boʻlgan kashta, quroq va ip yigirish hamda folklor chiqishlari namoyish etildi. Tadbir davomida Surxondaryo viloyat madaniyat uyi aktyorlari tomonidan Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi harbiy hayotiga oid sahna koʻrinishi, baxshilar tomonidan terma va dostonlar ijro etilib, faxriy qorovul shaxsiy tarkibining qoʻl jangi chiqishi namoyish etildi.

Musobaqa shartida ko‘ra, ishtirokchilar uchta yoʻnalishda boʻyicha bellashdilar. “Ot ustida estafeta” bahslarining yakuniy natijasiga koʻra, 300 ball toʻplagan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari 3-oʻrinni egallagan boʻlsa, DXX chegara qoʻshinlari jamoasi 360 ball bilan 2-oʻringa loyiq topildi. Musobaqa gʻolibligi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoaga nasib etdi. 435 ball toʻplagan gʻolib jamoa boshqa raqiblarni ancha ortda qoldirdi.

Shuningdek, tadbir davomida kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari oʻrtasida uloq koʻpkari musobaqasi ham oʻtkazildi. Konkursdan tashqari oʻtkazilgan mazkur bellashuvda ham Mudofaa vazirligi sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchilar yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, musobaqaning bosh sovrini sohibiga aylanishdi.

Qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy boʻlgan musobaqa gʻolib va sovrindorlari Mudofaa vaziri oʻrinbosarining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni