Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Men g‘olib!” shiori ostida armiya o‘yinlariga start berildi

0
1495

Mudofaa vazirligi miqyosida “Men g‘olib” shiori ostida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan armiya o‘yinlarining navbatdagi bahslariga start berildi.

Bugun, 28-noyabr kuni barcha hududlarda mazkur musobaqalarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimlarda qo‘shinlar qo‘mondonlari, Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan mas’ul ofitserlardan iborat hakamlar hay’ati, faxriylar, yoshlar hamda musobaqada ishtirok etuvchi barcha okrug jamoalari qatnashdi.

Xususan: 

  • “Xavfsiz muhit” musobaqasi – “Sazagan” poligoni;
  • “Qoʻshin razvedkasi aʼlochisi” musobaqasi – “Buxoro” poligoni;
  • “Qurolsoz usta” va “Dala oshxonasi” musobaqalari – “Forish” poligoni;
  • “Eng ilgʻor granatomyot hisobi”, “Eng ilgʻor AGS va SPG hisobi”, “Eng ilgʻor pulemyotchi mutaxassisi” va “Merganlar marrasi” musobaqalari – “Nuriston” poligoni;
  • “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Desant vzvodi” musobaqalari –“Farg‘ona” poligoni;
  • “Togʻ jangchisi” va “Otliq marafon” musobaqalari – Mudofaa vazirligi “Chimyon”  tog‘-tayyorgarlik o‘quv markazi;
  • “Sodiq do‘st” musobaqasi – Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazi;
  • “Ishonchli qabul” musobaqasi – Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti;
  • “Tinchlik jangchisi” musobaqalari – “Chirchiq” poligonida o‘tkazilmoqda.

 “Men g‘olib!” shiori ostida o‘tkaziladigan armiya o‘yinlari harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qo‘shinlarda o‘zaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sog‘lom raqobat hissi va barqaror ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishda, ayniqsa, Xalqaro armiya o‘yinlarida milliy armiyamiz sharafini munosib himoya qiladigan harbiy xizmatchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Musobaqalar joriy yilning 3-dekabr kuniga qadar davom etadi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti