“Vatanparvar” tizimida samarali mehnat qilib kelayotganlar taqdirlandi

0
926

23-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil etilgan kun munosabati bilan tashkilot Markaziy kengashida tantanali tadbir tashkil etildi.

Videoanjuman shaklida oʻtgan tantanali marosimda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi apparati, tashkilot huzuridagi muassasalar va joylardan hududiy kengashlar xodimlari hamda tashkilot tizimida uzoq yillar davomida ishlagan mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov soʻzga chiqib, tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarni qutladi. Oʻz nutqida u respublika mustaqilligining tengdoshi hisoblangan “Vatanparvar” tashkiloti 31 yillik faoliyati davomida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiy etishiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshganini, jumladan, tashkilot yuz minglab yoshlarni turli harbiy va texnik mutaxassisliklarga tayyorlagani hamda ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda munosib hissa qoʻshganligini bildirdi.

Shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti jahon arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan yuzlab mohir sportchilarni yetishtirgani esa nafaqat respublikamiz, balki xalqaro sport tashkilotlari tomonidan toʻla eʼtirof etilmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan faxriylar tashkilot tomonidan erishilayotgan yuksak yutuqlardan mamnun ekanliklarini bildirib, mehnat jamoasining kelgusidagi ishlarida ham muvaffaqiyatlar tiladilar.

Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator xodimlar va bir necha yillar ilgari mehnat qilib, hozirda nafaqada boʻlgan faxriylarga faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Shohsanam Nishonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti