Oʻzbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Turkiyaga tashrif buyurdi

1197

23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga tashrif buyurdi.

Mazkur tashrif ikki davlat rahbarlarining oʻzaro doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari doirasida tashkil etildi.

Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri boʻlib oʻtdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi. Kutib olish marosimidan keyin Bahodir Qurbonov dastlab faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.

Shundan soʻng muzokaralar davom ettirildi. Muzokaralar avvalida Oʻzbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Istanbulda sodir boʻlgan teraktlar munosabati bilan halok boʻlganlar oilasiga chuqur hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlarning tezroq sogʻayib ketishiga tilak bildirdi. Muzokaralarda mudofaa vazirlari Oʻzbekiston va Turkiya davlatlarini bir-biri bilan chambarchas bogʻlab turuvchi jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtishdi hamda harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboliga, shuningdek, harbiy tayyorgarlik, taʼlim va texnik taʼminot masalalariga ham alohida eʼtibor qaratishdi.

Muzokaralardan soʻng ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari Oʻzbekiston hamda Turkiya oʻrtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar. Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida harbiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanganidan soʻng vazirlar matbuot uchun qoʻshma bayonot berdi.

«Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar qardoshlik qonunlariga asoslangan boʻlib, yuqori strategik sheriklik darajasida. Biz hamkorlikni intensiv va muvaffaqiyatli rivojlantirmoqdamiz. Ayniqsa, prezidentlarimizning tashrif va uchrashuvlari davomida munosabatlarimiz sezilarli darajada jadallashdi. Bu boradagi ikki tomonlama hamkorlik shu yoʻnalishda davom etishi uchun barcha saʼy-harakatlarimizni safarbar etishga tayyormiz», – dedi Oʻzbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti