Ofitserlar tayyorlash kursining navbatdagi bitiruvchilariga harbiy unvonlar topshirildi

1137

Bir guruh serjantlar va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida tashkil qilingan ofitserlar tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlab, “leytenant” harbiy unvonini qabul qilib oldilar.

Bugungi tantanali tadbirda Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklaridan yigʻilgan tinglovchilarning quvonchi zimmalariga tushgan ofitserlik masʼuliyati bilan qorishib ketgandi. Necha yillar bu kunni kutgan ayrim bitiruvchilar oʻzlarini tanishtirarkan beixtiyor “kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar” deb yuborganlari ham boʻldi.

—Oʻn yildan buyon harbiy xizmatdaman. Toshkent avtomobil yoʻlllari institutini (hozirgi Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti) tamomlaganman. Oʻsha paytdagi kursdoshlarimning aksariyati oʻzlarining jamiyatdagi munosib oʻrinlarini topib ketdi. Yashirmayman, gohida oʻzim ham biroz siqilib, yana ofitserlik orzusiga berilardim. Mana nihoyat orzum ushaldi. Intiq kutgan pallalarimiz yetib keldi, – deydi leytenant Mansur Ilimanov.

Sertifikatlarni tantanali topshirish marosimidan soʻng oʻtkazilgan badiiy chiqishlarda bitiruvchilar andak hordiq chiqarib, xursandchilik qildilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti