Qirg‘iziston harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi

929

Bugungi kunda O‘zbekiston qardosh mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida kadrlar yetishtirib chiqarish borasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda. Xususan, qo’shni mamlakat harbiylarining yurtimizdagi nufuzli oliy harbiy ta’lim muassasalarida o’qitish borasida bir qancha hamkorlikdagi ishlar yo’lga qo’yilgani fikrimizga dalil.

Bugun, 22-noyabr kuni Qirg‘iziston harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi. Dastlab delegatsiya vakillariga “Qurolli kuchlar akademiyasida Moddiy texnik ta’minot mutaxassislarini tayyorlash jarayoni” bo’yicha tayyorlangan prezentatsiyalar namoyish etildi.

Shundan so’ng, qardosh mamlakat vakillariga akademiyaning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishtirib bordi. Yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirishga qaratilgan moddiy baza va yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida e’tirof etishdi.

Mazkur tashrif davomida qardosh xalqlarning birdamligi, ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan harbiy taʼlim masalalarining joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Tashrif davomida, akademiyada yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari, shuningdek, akademiya muzeyi Qirg‘iziston vakillarida katta taassurotlar qoldirdi.

Shu kunning o’zida Qirg‘iziston harbiy delegatsiyasi O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy moddiy ta’minot bazasini ham ko’zdan kechirdilar. Shundan keyin delegatsiya a’zolari markaziy harbiy klinik gospitali faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti