“Muborak”, “Nukus”, “Farg‘ona” va “Chirchiq” poligonlarida davlat hokimiyati rahbarlari ishtirokidagi yig‘inlar boshlandi

0
2340

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Muborak dala oʻquv maydonida Buxoro va Qashqadaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati rahbarlari oʻrinbosarlari bilan 5 kunlik yigʻinga start berildi.

Dastlab ishtirokchilar oʻzlari istiqomat qilayotgan viloyatlarning Mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻuv punktlarida jamlandi. Shu yerning oʻzida harbiy shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, harbiy formalar tarqatildi. Saf maydonida yigʻinning mohiyati va borishi haqida maʼlumotlar yetkazilgach, Muborak umumqoʻshin poligoni tomon yoʻl olindi.

Ishtirokchilar maskanda yuqori kayfiyatda kutib olindi. Tantanali ochilish marosimida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni hamda Qashqadaryo va Buxoro viloyati hokimlari ishtirok etdi.  Shundan soʻng mehmonlar dala oʻquv maydonida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi. Yotoqxona, oshxona, kutubxonalar boʻylab qilingan sayohatlar vaqtida ishtirokchilarning aksari harbiy qismlarda bu kabi sharoitlar mavjudligini kutmagani haqida gapirdilar.

Yigʻin rejasiga asosan ishtirokchilar bir necha kun davomida sport, maʼnaviy-maʼrifiy, jangovar tayyorgarlik singari bir qancha mashgʻulotlarda qatnashadi.

Shuningdek, 21-25-noyabr kunlari “Nukus” umumqoʻshin poligonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bir necha kunlik harbiy yigʻin boshlandi.

Toshkent harbiy okrugining Chirchiq poligonida ham mahalliy davlat hokimyati organlari rahbarlari uchun boshangan yig‘in davom etmoqda.

Bundan tashqari, Sharqiy harbiy okrug Fargʻona dala oʻquv maydonida ham mahalliy davlat hokimyati organlari, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi harbiy yigʻin davom etmoqda.