Havo sarhadi qoʻriqchilari

0
577

Milliy armiyamiz quruqlikdagi qoʻshinlaridagi havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari harbiy xizmatchilarini havo sarhadlarimiz qoʻriqchilari desak adashmaymiz. Chunki tinchligimizga xavf soladigan tahdidlarni birinchilardan boʻlib bartaraf etish ularning zimmasidagi masʼuliyatli vazifadir.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti shu soha mutaxassislarini tayyorlash borasida respublikamizdagi yagona taʼlim muassasasidir. Bilim yurti havo hujumidan mudofaa kafedrasi ofitser kadrlarni tayyorlashdan tashqari Qurolli Kuchlar safidagi kichik mutaxassislarning malakasini oshirib borishda ham oʻz oʻrniga ega. Kafedrada Mudofaa vazirligi, DXX Chegara qoʻshinlari va Milliy gvardiya qoʻshinlari serjantlar tarkibiga kiruvchi soha mutaxassislari muntazam tarzda kasbiy mahoratini oshirib borishadi. Tajribali ustozlar jamoasi tomonidan har oy tashkil etiladigan oʻquv kursida zenit raketa qurilmasi va oʻt ochishni boshqarish guruhi mutaxassislari jangovar koʻnikmalari oshirib borilmoqda.

Oʻquv kursining navbatdagi siklida Mudofaa vazirligi va DXX Chegara qoʻshinlari harbiy qismlarda xizmat burchini oʻtayotgan havo sarhadlarimiz qoʻriqchilari ikki haftalik malaka oshirish jarayonini boshlab yubordi.

Kafedraning amaliy va nazariy jangovar koʻnikmalarni oshirish sinflarida, Chirchiq poligoni oʻquv nuqtalarida tinglovchilar zamonaviy texikalar imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishmoqda. Buning uchun kafedraning kompyuterlashtirilgan oʻquv sinflarida barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, koʻchma zenit qurilmalaridan havodagi nishonlarni yoʻq qilish va oʻt ochishni boshqarish punktida murakkab matematik hisob-kitoblarni bajarish vaziyat talab etilmaydi. Ammo barcha harakatlar reallikka deyarli yuz foizga yaqinlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Xullas bundan bir necha yil avval oʻz faoliyatini boshlagan kafedra Qurolli Kuchlarimizning ushbu boʻgʻini uchun kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish berishda muhim mexanizm vazifasini bajarib kelmoqda.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti