Forish poligonida mahalliy davlat hokimyati organlari rahbarlari uchun yig‘in boshlandi

0
1117

Markaziy harbiy okrug Forish poligonida mahalliy davlat hokimyati organlari, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi harbiy yigʻinga start berildi.

Yigʻinda Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimlari, tuman hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar rahbarlari mamlakat mudofaasini tashkillashtirish doirasida yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligini oshirish uchun bevosita harbiy xizmat muhitida bo‘ladilar.

Dastlab yig‘in ishtirokchilariga Jizzax garnizonidagi harbiy qismda okrug qo‘mondonligi tomonidan harbiy o‘quvlarda zarur bo‘ladigan kiyim-kechak va anjom-aslahalar topshirildi. Shundan keyin ishtirokchilar harbiy-hisob mutaxassisligi boʻyicha guruhlarga taqsimlanib, yig‘in davomida rejalashtirilgan mashg‘ulotlar va kun tartibidagi masalalar yetkazildi.

Shundan so‘ng yig‘in ishtirokchilari Forish poligoniga kelib, yotoqxonalarga joylashdi. U yerda harbiy xizmatchilar uchun yartilgan sharoitlar va bugungi kunda milliy armiyamizda mavjud jangovar texnikalar hamda qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishishdi.

Tantanali ochilish marosimida mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev so‘zga chiqib, yigʻin ishtirokchilarini qutladi va bir necha kun davom etadigan mashg’ulotlarda omad tiladi. Xususan, jangovar tayyorgarlik fanlari boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish yoʻli bilan avval olingan harbiy koʻnikmalarini qayta tiklashlari, shuningdek, hududiy mudofaa va fuqarolarni himoya qilishda dahldorlik hislarini yanada oshirishlariga ishonch bildirda.

Darhaqiqat, joriy yilning 25-noyabr kuniga qadar davom etadigan yigʻinda hokimyat organi rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va roli bilan yaqindan tanishib, hamkorlikdagi masalalarni kengaytirish bo‘yicha takliflar tinglanadi. Shuningdek, yigʻin ishtirokchilari mashg‘ulotlar davomida aloqa, taktik-tibbiy, harbiy sport hamda otish tayyorgarliklaridan oʻtib, oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlashadi.

 

Eng muhimi, ishtirokchilar operativ, safarbarlik, axloqiy-ruhiy, taktik tayyorgarliklardan oʻtish orqali zamonaviy armiyamizda olib borilayotgan islohotlardan atroflicha boxabar boʻlib boradi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati