Forish poligonida oʻz kasbining ustalari musbaqasiga start berildi

921

Xalqaro arenalarni zabt etish uchun ichki sogʻlom raqobat, mamlakat miqyosidagi musobaqalarning oʻrni muhim. Qurolli Kuchlar sohasida ham bunday musobaqalar talaygina. Ulardan biri “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil qabul qilingan qarorga muvofiq koʻrik-tanlovda Mudofaa vazirligi, IIV, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya qoʻshinlari safida xizmat burchini oʻtayotgan ofitserlar, serjantlar qatnashishi mumkin. Musobaqa beshta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi va avvaliga okrug, yakunda esa respublika bosqichi gʻolib hamda sovrindorlari aniqlanadi. Tanlov qatnashchilari “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri” va “Eng ilgʻor brigada komandiri” yoʻnalishlari boʻyicha bellashadilar.

Bu yil musobaqa ikkinchi marta tashkillatirilmoqda va ishtirokchilar tantanali ochilish marosimida saf tortdilar. Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida koʻrik-tanlovga rasman start berildi. Tadbirda ishtirok etgan Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov barchaga omad tilab, musobaqa murosasiz kurashlarga boy boʻlishiga ishonch bildirib qoldi. 

Tantanali ochilish marosimidan soʻng kun davomida taktik va jismoniy tayyorgarlik meʼyorlari boʻyicha bellashuvlar boshlab yuborildi. Qolgan kunlar  dasturidan esa umumiy harbiy nizom va maʼnaviy-marifiy yoʻnalishidagi test savollarini yechish, jangovar otish hamda jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlov shartlari oʻrin olgan. Koʻrik-tanlov gʻolib va sovrindorlari hafta yakunida aniqlanadi.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti