Harbiy qism tashkil etilgan kun tantanasi

0
1395

Oʻzbekiston Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligi hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qism tashkil etilganining 22 yillik shodiyonalari katta xalq sayli tarzida nishonlandi.

Yuzlab harbiy xizmatchilar va tuman ahlini bir yerga jamlagan tadbir ishtirokchilari arqon tortish, tosh koʻtarish singari milliy polvonlik oʻyinlarida oʻz kuchlarini sinashdi. Doʻstona ruhda, ammo shiddatli va murosasiz kechgan musobaqalardan soʻng milliy kurash bellashuvlariga navbat berildi. Ertamiz egalari sanalmish kichik polvonlar boshlab bergan davrani viloyatning taniqli polvonlari davom ettirdi.

Mardlik, halollik, shijoat va jismoniy kamolotni oʻzida jamlagan musobaqalarni kuzatayotgan yoshlarda sportga ishtiyoq va kelajakda harbiy xizmatchi boʻlish maqsadi uygʻongan bo‘lsa ajab emas.

Gʻoliblar shu yerning oʻzida harbiy okrug va qism qoʻmondonligi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, harbiy qismda uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriylar va turli yutuqlarga erishib, oʻzini ijobiy jihatdan koʻrsatib kelayotgan harbiy xizmatchilar ham tantanali ravishda mukofotlandi.

Harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan uyushtirilgan chavandozlik oʻyiniga viloyatning nomdor chopogʻonlari jam boʻldi. Uloqni ayirish uchun tashlanayotgan chapdastlarning ot ustidagi harakatlari tomoshabinlarda hayrat uygʻotadi. Bayram tantanasiga aylangan bunday tadbirlar kun bo‘yi davom etdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati