«To‘maris» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U kimlarga beriladi?

0
1575

O‘zbekiston Prezidentining «To‘maris» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilganidek, qadimdan ayol oilani, jamiyatni jipslashtirish, farzand dunyoga keltirish, jamiyat, davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatish, onalik va bolalik muhofazasiga mas’ul bo‘lish hamda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish timsoli sifatida ulug‘lanadi.

Ta’kidlash kerakki, milliy armiyamizning nufuzi va jangovar qudrati yuksalishida erkak harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda yelkama-yelka xizmat qilayotgan ayol harbiy xizmatchilarning mehnati beqiyos.

Qarorda qayd etilganidek, O‘zbekiston mudofaa qudratini yuksaltirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, munosib hissa qo‘shayotgan ayol harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «To‘maris» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan «To‘maris» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom va «To‘maris» ko‘krak nishoni, uning guvohnomasi tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining «Davlat belgisi» davlat unitar korxonasi tegishli vazirlik va idoralarning buyurtmalariga asosan «To‘maris» ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini belgilangan tartibda tayyorlaydi.

Qarorga muvofiq, «To‘maris» ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar budjet mablag‘lari, budjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘krak nishoni vazirlik va idoralar rahbarlari (yoki ularning topshirig‘iga muvofiq, boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.