“Quvnoqlar va zukkolar” ko’rik-tanlovining qo’mondonlik bosqichi bo’lib o’tdi

1178

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qism madaniyat markazida “Quvnoqlar va zukkolar” ko’rik-tanlovining qo’mondonlik bosqichi bo’lib o’tdi.

O’zaro bellashuv davomida besh jamoa uchta shart bo’yicha, ya’ni “Tanishtiruv”, “Videoklip” va “Musiqali uy vazifa” yo’nalishlari o’z mahoratlarini namoyish etdilar.

Respublikamizning deyarli barcha hududlaridan saralanib, o’zaro bellashish uchun qo’mondonlik bosqichiga tashrif buyurgan harbiy xizmatchilarni adolatli baholab borish uchun qiziqchi va so’z ustasi Botir Imomxo’jayev, umidli xonanda Sherzodbek Jonibekov va Mudofaa vazirligi madaniyat markazi bo’lim mas’ullari taklif qilindi.

Tadbir avvalida Toifalangan obyektlarni qo’riqlash qo’shinlari qo’mondoni polkovnik Jur’at Yakubov so’zga chiqib barcha jamoalarga zafarlar tilab, barchani faollikka chorladi.

Harbiy xizmatchilarimiz nafaqat o’zlarining mahorat, kuch va g’ayratlarini, balki hazil-mutoyibaga oid qobiliyatlarni namoyish etib, tomoshabinlarda illiq taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida xushovoz xonandalar va harbiy orkestr tomonidan tarannum etilgan diltortar navolar tomoshabilarning kayfiyatini yanda ko’tarishga xizmat qildi.

Yakuniy natijalarga ko’ra, 3-o‘rinni Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan jamoa qo’lga kiritib, diplom, qimmatbaho sovg’a va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, shohsupaning birinchi pog‘onasini Toshkent viloyati jamoasi egalladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti