Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazildi

0
707

Oila azal-azaldan muqaddas qoʻrgʻon sanalgan. Inson oilada dunyoga keladi, ulgʻayib kamol topadi. Eng avvalo oila mustahkam, tinch boʻlsa jamiyat barqaror boʻladi. Unib oʻsayotgan farzandlar har tomonlama barkamol boʻlishiga imkon yaratiladi.

Yurtimizda har bir oilaning jamiyatda tutgan oʻrnini yanada oshirish, uni huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-ahloqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, sogʻlom oila vujudga kelishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy sharoitlarini yaratish, oila maʼnaviyatini yuksaltirish sohasidagi islohotlarni tizimli bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Harbiy oilalar bilan ishlash, ularning muammolarini oʻrganish doimiy nazoratda.

Shu munosabat bilan Chirchiq garnizonidagi harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan “Oila — muqaddas dargoh!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilar oila aʼzolari bilan ishlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan maʼdaniyat xodimi Dilbar Gʻulomova, Oliy Majlisi doimiy faxriy senatori Farida Abdurahimova ishtirok etishdi.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan samimiy muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda oilaning ahamiyati, er-xotin munosabatlari, yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarni hal qilish usullari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti