“Madaniyat karvoni” Jizzax garnizonida

0
668

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining o‘ttiz bir yilligi tantanalari oldidan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasurlari tashkil qilindi. Tadbirlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi hamda  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Ana shunday tadbirlarning birida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining targ‘ibot guruhi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, taniqli aktyor va aktrisalar ishtirok etib, harbiy xizmatchilar va yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini kamol toptirish, bugungi tinch va osuda hayotimizni qadriga yetib, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, shuningdek, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, mehmonlar bu yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i tasdiqlanganligiga 31 yil to‘lishi haqida gapirar ekan, bayroq qadim-qadimdan xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lgani, millat bayrog’i — bu g’urur timsoli sanalishini eslab o‘tdilar. Bayramu tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida xalqimizning g‘ururi bo‘lgan bayrog‘imiz hamisha yuksaklarda hilpirashiga tilakdosh bo‘ldi. Shundan so‘ng, el suygan san’atkorlar, aktyor va aktrisalar ishtirokida konsert dasturiga navbat berildi.  

Kun davomida esa tashrif doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi tashkil qilinib, unda targ‘ibot guruhi a’zolari va bir guruh harbiy xizmatchilar tibbiyot muassasasida davolanayotgan bemorlar holidan xabar oldi.

“Madaniyat karvoni” tadbirlari Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi barcha harbiy qism va muassasalarda davom etmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati