Samarqandda Hindistonning malakali harbiy shifokorlari ishtirokida tibbiy ko’rik tashkil etildi

0
829

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalida hamda chet davlatlarning harbiy tibbiy xizmat mutaxassislari o’rtasida o’zaro tajriba almashish va yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yo’lga qo’yish maqsadida manzilli ishlar amalga ishirilmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida Hindistonning harbiy tibbiy xizmat mutaxassislari ishtirokida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini tibbiy ko’rikdan o‘tkazish ham rejalashtirilgan bo’lib, uning dastlabki bosqichi Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida tashkil etildi.

Xususan, Mudofaa vazirligi harbiy gospitali mutaxasisslari hamda Hindistondan tashrif buyurgan yetakchi oftolmolog polkovnik Djaya Koushuk, lor podpolkovnik Sunil Goyal, ginekologiya va akusherlik sohasidagi mutaxassis aviatsiya podpolkovnigi Karam Chandradjit Sing ishtirokida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko’rikdan o’tkazildi.

Ikki davlatning harbiy tibbiy xizmat mutaxassislarini o‘zaro tajriba almashish asnosida o‘tgan tibbiy ko’rik davomida 50 ga yaqin harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari salomatligi ko’zdan kechirildi va kerakli tavsiyalar berildi.

Tibbiy ko’rik yakunida xorij harbiy tibbiy xizmat mutaxassislariga okrug qo’mondonligi tomonidan minnatdorchilik bildirilib, ko’hna va navqiron Samarqand shahrining diqqatga sazovar bo’lgan joylariga sayohat tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati