Xorazmda harbiy texnikalarni yuklash va tushirish joylari foydalanishga topshirildi

0
843

Qo‘shinlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishni tashkil etish ularning tezkorligi va yuksak jangovar shayligini ta’minlab, olis masofalarni yaqin qilishga xizmat qiladi. Qo‘shinlarni ko‘chirish havo yo‘li, temir yo‘l orqali hamda jangovar va harbiy texnikalarda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirliging talabnomasiga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xorazm viloyatida kechasi va kunduzi harbiy texnikalarni temir yo‘l platformalariga yuklash-tushurish uchun mo‘ljallangan ikkita obyekt bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.

Shovot stansiyasida balandligi 1,1 metr, eni 16 metr va uzunligi 100 metr bo‘lgan mustahkam temir-beton qoplamali harbiy texnikalarni yuklash-tushurish joyi hamda texnikalar uchun vaqtincha turargoh qurilgan bo‘lsa, Urganch stansiyasida uzunligi 126 metr va eni 15 metrni tashkil etadigan maxsus joy yaratildi hamda tunda yoritish moslamalari bilan jihozlandi.

Obyektlarni tantanali foydalanishga topshirish marosimida Mudofaa vazirligi hamda harbiy okrug mas’ul ofitserlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar, bugun Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida qo‘shinlarning harakatchanligi ortib, oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli bajarish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilayotgani e’tirof etildi. Qo‘shinlar jangovar shayligini mustahkamlash hamda bo‘linmalar va texnikalarni bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tishni tashkil etishda uzilishlarning oldini olish maqsadida bunyod etilgan ob’ektlar zarur bo‘lganda Vatanimiz tinchligi yo‘lida qalqon bo‘lib turgan harbiy bo‘linmalarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

Tadbir davomida Urganch garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan zirhli va avtomobil texnikalarni yuklash-tushurish joyi orqali platformalarga yuklash-tushurish, ularning siljib ketishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot namoyish etildi.

Tantanali tadbirda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi hamda Mudofaa vazirligi harbiy harakatlar boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida yaratilgan va harbiy texnikalarni tashish vaqtida qo‘riqlash uchun ajratiladigan ko‘chma qorovulga mo‘ljallangan yangi turdagi yopiq vagon Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufiga berildi. Ushbu vagon harbiy texnika va yuklarni qo‘riqlab ketish uchun tayinlangan va harbiy xizmatchilardan iborat ko‘chma qorovul shaxsiy tarkibi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida zamon talablariga mos ravishda jihozlangan bo‘lib, tashqi old va orqa tomondan videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.

Tadbir davomida mazkur obyektlarni qurishda ishtirok etgan temir yo‘l xodimlari hamda quruvchilar harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan munosib taqdirlandi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati