Qoʻshinlarning jangovar shaylik darajasini mustahkamlash, ularning qoʻyilgan har qanday jangovar vazifani toʻlaqonli bajara olish koʻnikmalarini yuksaltirishda mutaxassislikka oid turli koʻrik-tanlov va musobaqalarning oʻrni beqiyos.
Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻtkazilib kelinayotgan “Eng ilgʻor jangovar vzvod” koʻrik-tanlovida ishtirok etuvchi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug jamoalaridan sinovlar olish jarayonlariga start berildi. Musobaqalarda harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy tayyorgarliklari, balki nazariy bilimlari ham nazoratchilar tomonidan baholab boriladi. Jarayonlarda jamoa aʼzolarining bilim darajasi, jismoniy holati, otish va hattoki, tashqi koʻrinishi ham baholash uchun muhim omildir. Shunday ekan, ishtirokchilar “Eng ilgʻor jangovar vzvod” degan sharafni qoʻlga kiritish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishgan.
Jamoaviy jipslik va birdamlik gʻalaba sari yetaklaydi. Buni chuqur anglagan yurt himoyachilari bir-birlariga ruhan madad bergan holda olgʻa bormoqdalar. Ilk sinovlarda koʻrsatilayotgan yuqori natijalar vzvodlarning tanlovga yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrganliklarini isbotlamoqda.
Bu kabi koʻrik-tanlovlar harbiy xizmatchilarni sogʻlom raqobat asosida barcha jabhada oʻz ustida ishlashlari va yuksalishlari uchun xizmat qiladi, albatta.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati